Prezidentning “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, sudyalarni navbatdagi 10 yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinadi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab 5 yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilanadi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibi o‘rnatiladi.
Sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.
Shuningdek, Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hayʼatlari tomonidan tavsiya etiladi.
Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin.