Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Surxondaryoda ekstremistik g‘oyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarga nisbatan hukm o‘qildi

Guruhning 20 nafar faol aʼzosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi va qilmishlariga mos ravishda 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Surxondaryo viloyatida O‘zbekistonda faoliyati taʼqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Guruh aʼzolari orasida muqaddam ekstremistik g‘oyalar bilan bog‘liq sodir etgan jinoyatlari uchun 2021-yilda yengillik qo‘llanilib, shartli ozodlik bilan ochiqlikda qoldirilgan shaxslar ham bor.

2024-yilda tashkil etilgan guruh aʼzolari viloyatning tog‘oldi hududlarida hordiq chiqarish niqobi ostida o‘tkazilgan diniy yig‘inlarda terrorchilik tashkilotlari g‘oyaviy rahnamolarining maʼruzalarini tinglab, Suriyaga borib, jangarilar safida “jihod” qilish va o‘zlarini portlatish yo‘li bilan “shahid” bo‘lish masalalarini muhokama qilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti yollovchilari bilan muloqot o‘rnatib, ular yuborgan qo‘lbola portlovchi qurilmalar va zaharlovchi moddalar tayyorlashning elektron yo‘riqnomalari yordamida keyinchalik qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni reja qilishgan.

Shu maqsadda Telegram‘dagi yopiq guruhda xorijdagi terrorchilar ko‘magida portlovchi moddalar tayyorlash bo‘yicha nazariy bilimlarni o‘rganishgan.

Guruhning 4 nafar aʼzosi internetdagi targ‘ibotlar taʼsirida Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishga ulgurgan. Natijada ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, rasmiy qidiruv eʼlon qilingan. 

Guruhning 20 nafar faol aʼzosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi va ular Jinoyat Kodeksining 155,  155-2,  155-3,  159,  244-1 va 244-2 moddalari bilan aybli deb topilib, qilmishlariga mos ravishda 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Guruhning qolgan aʼzolariga nisbatan esa insonparvarlik prinsiplari bilan yengillik qilinib, kechirimlilik siyosati qo‘llanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling