Prezident suyultirilgan gaz yetkazish haqida: “Rahbarlar bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”

Hukumatdagi masʼullar, vazirlar tartib-intizomga vaqtida eʼtibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayotgani tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Suv va kanalizatsiya xizmatidan tushgan mablag‘ning 10 foizi tumanlarda qolyapti. Lekin, zarur materiallar tayyor turmagani uchun 2-3 soatda hal bo‘ladigan avariyalar 4-5 kunga cho‘zilayapti. Qachon avariya bo‘lsa, keyin material sotib olinayapti.

“Tuman tashkilotlari o‘zini “nazoratchi” deb biladi, aholi og‘irini yengil qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘q!” – dedi prezident.

Masalan, Qumqo‘rg‘on tumani karantin bo‘limida 8 nafar inspektor faqat kamchilik bo‘yicha ko‘rsatma, eksportga sertifikat berish bilan shug‘ullanadi, fumigatsiya xizmatini ko‘rsatmaydi. Ekologiya bo‘limi ham faqat daraxt kesishni nazorat qiladi, lekin “Yashil makon” doirasida qayerga qanday ko‘chat ekish, moliyaviy manbasi bo‘yicha taklif bermaydi.

Hukumatdagi masʼullar, vazirlar tartib-intizomga vaqtida eʼtibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayotgani tanqid qilindi. Masalan, suyultirilgan gaz yetkazishda 60-70 kunlab uzilish kuzatilmoqda. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryoda murojaatlarning 70 foizi shu masala bilan bog‘liq.

“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”, - dedi prezident.

Yana bir masala – yozning boshlanishi nisbatan salqin keldi. Lekin buyog‘iga kunlar ancha isib, elektr isteʼmoli oshadi. Ikki oy oldin Energiya samaradorlik agentligi tashkil qilinib, byudjetdan 100 milliard so‘m berildi.

Energetika vazirligi va agentlikka vazirlik, hokimlik va davlat korxonalarining oylik isteʼmoli 500 kilovatt soatdan yuqori bo‘lgan xodimlari ro‘yxatini shakllantiradi. Ushbu xodimlarga energiya samarador texnologiyalarga o‘tish uchun “yashil taʼmir” krediti yoki subsidiya olishga ko‘maklashiladi. Kerak bo‘lsa, byudjetdan tashqari jamg‘armasidan ssuda berilishi mumkin.

Buning hisobidan yil yakunigacha isteʼmoli yuqori bo‘lgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimga o‘tishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling