Tadbirkor ayollarga garovsiz kredit beriladi

Ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

Prezidentning “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini taʼminlash;
  • 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;
  • 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish;
  • 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish.

“HAMROH” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025-yil 1-maydan:

  • xotin-qizlarga “yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yiladi;
  • ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi;
  • ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, quyidagi imkoniyatlarga ega “Tadbirkor ayollar” platformasi 2025-yil 1-iyulgacha ishga tushiriladi:

  • ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga ko‘maklashish;
  • o‘zaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topish;
  • zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish;
  • loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topish.

2025-yil 1-maydan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yiladi:

  • o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
  • kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;
  • mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga ko‘maklashish.

2025-yil 1-avgustgacha Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish strategiyasi tasdiqlanadi. Yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling