Prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmon bilan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish;
- nogironligi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularning mehnat bozoriga kirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
- 2025-yil yakuniga qadar 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini taʼminlash.
2025-yil 1-iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.