Andijon va Surxondaryoda soliq inspektorlari firibgarlikda gumonlanib ushlandi

Hozirda ushbu soliq idoralari xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Andijon va Surxondaryoda Soliq boshqarmalarining bosh inspektorlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining bo‘lim bosh inspektori Oltinko‘lda MCHJ tomonidan topshirilgan soliq hisobotlarida tovarlar realizatsiyasi to‘g‘ri aks ettirilmaganligi natijasida MCHJga juda ko‘p miqdorda soliq hisoblanishi hamda soliq tekshiruvi o‘tkazilishini aytadi. 

So‘ngra hamkasblari orqali ushbu tekshiruvni o‘tkazmaslikni vaʼda qilib, evaziga 3000 dollar talab qiladi va muqaddam MCHJ taʼsischisidan 500 dollar oladi. 

U qolgan 2500 dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasining bosh inspektori Jarqo‘rg‘onda MCHJga nisbatan hamkasblari orqali sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish bilan qo‘rqitadi. U mazkur tekshiruvni amalga oshirmaslik evaziga MCHJ rahbaridan 2500 dollar olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda ushbu soliq idoralari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling