Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar “O‘zbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasining asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- 2025–2029-yillar davomida zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab qurish va 72 mingtadan ziyod qo‘shimcha o‘quv o‘rinlarini yaratish orqali sohadagi navbatlilik koeffitsiyentini kamaytirish;
- kamida 500 nafar nogironligi bor o‘quvchilar uchun inklyuziv taʼlim sharoitlarini yaratish;
- davlat taʼlim standartlari va o‘quv dasturlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, kompetensiyalarga asoslangan taʼlim tamoyillarini joriy etish, laboratoriya mashg‘ulotlarini STEM standartlariga muvofiq tashkil qilish;
- xalqaro talablar va yondashuvlar asosida 36 ming nafar pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishini taʼminlash, malaka oshirishning “aralash o‘qitish” modelini joriy qilish.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.