Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni temir yo‘llarni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda soha infratuzilmasini rivojlantirish va daromadni oshirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, tranzit yuklarini tashish quvvatidan to‘liq foydanilmayapti. Buni kelgusi yillarda 40 foizga oshirish orqali daromadni 2 karra ko‘paytirish mumkin.
Masalan, ilk bor Xitoy – Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yurtimizda yangi poyezdlar olib kelinib, qatnovlar yildan yilga ko‘paymoqda. Shu bois temir yo‘l infratuzilmasi o‘tkazuvchanligini izchil oshirib borish zarurligi taʼkidlandi.
Bu masala, ayniqsa, Toshkent atrofida dolzarb. Hozir tashqi yuklarning 70 foizi “Chuqursoy” stansiyasi orqali tashilmoqda. Baʼzan bunga bir necha kun vaqt sarflanib, ortiqcha xarajat va navbatga sabab bo‘layapti.
Shu bois yuk stansiyalarini poytaxt hududidan tashqariga chiqarish, Yangiyo‘l tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, poytaxtimizni aylanib o‘tuvchi “Ozodlik – Yangiyer” temir yo‘li qurilishi ko‘zda tutilgan. Natijada Farg‘ona vodiysi bilan boshqa viloyatlar o‘rtasidagi yuk tashuvlari Toshkent shahriga kirmasdan amalga oshiriladi.
Yangi loyihalardan yana biri Samarqand – Urgut yo‘lidir. Hozirda ishlar boshlanib, 7 kilometr temir izlar yotqizilgan. Bu yo‘nalish uzunligi jami 54 kilometr bo‘lib, 2 ta vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi quriladi.
Vokzallarga kirib-chiqish tartibi, xizmatlar sifati masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yo‘lovchilar harakatiga qulaylik yaratish, turistlar uchun sharoitni yaxshilash, avtoturargohlarni kengaytirish vazifalari qayd etildi.
Mutasaddilar, shuningdek, elektropoyezdlar olib kelish, xizmat sifatini yaxshilash rejalari bo‘yicha axborot berdi.