Navoiyda 16 yoshli bola boshqaruvidagi avtomashina YPX inspektorini urib yubordi

Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Navoiy shahrining Islom Karimov koʻchasida 19-yanvar kuni soat 01:45 larda YPX inspektori xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi.

Viloyat YHXB inspektori Jasurjon Muhammadov xizmat paytida davlat raqamisiz, yoʻl harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasiga toʻxtash ishorasini koʻrsatgan.

Biroq haydovchi toʻxtash ishorasiga boʻysunmay, yoʻl harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. Soʻngra voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor esa hodisa joyida halok boʻlgan.

Tezkor surishtiruv harakatlarida Kia Sonetʻni 2008-yilda tugʻilgan S.M. boshqargani, mashina uning otasiga tegishli boʻlgani aniqlangan. Avtomobil yashirib qoʻyilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan.

Inspektor Jasurjon Muhammadov 1993-yilda tugʻilgan, 2 farzandning otasi boʻlgan. U ichki ishlar organlari tizimida 2017-yildan buyon ishlab kelgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266 (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117 (Xavf ostida qoldirish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling