Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi

Universitetga talabalarni o‘qishga qabul qilish 2025/2026-o‘quv yilidan boshlanadi.

Prezidentning “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Taʼlim dasturlarini xalqaro tibbiy taʼlim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy taʼlim dasturlarini joriy etish universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, universitet tibbiyot sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

2025/2026 o‘quv yilidan magistraturada bosqichma-bosqich xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etadi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari Universitet talabalari uchun klinik amaliyot bazalari etib belgilanadi.

Universitetga talabalarni o‘qishga qabul qilish 2025/2026-o‘quv yilidan boshlanadi.

2025/2026 o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.

Universitet tuzilmasida homiylik xayriyalari hisobidan to‘ldiriladigan Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling