Tibbiyot xodimlariga imtiyozlar: prezident qarori bilan nimalar belgilandi?

2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.

Prezidentning “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yildan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi. Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi:

  • “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sog‘liqni saqlash organi rahbari”;

har bir hududda:

  • “Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori” va “Eng yaxshi tuman (shahar) o‘rta tibbiyot xodimi”;
  • “Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”.

Tanlov natijalari asosida g‘oliblar 1 martalik rag‘batlantiriladi. Jumladan, tibbiyot muassasalari – 500 mln so‘m, tibbiyot va rahbar xodimlar – 30 mln so‘m.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini taʼminlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yildan davlat tibbiyot muassasalarida:

  • tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga BHMning 50 baravari miqdorida 1 martalik pul mukofoti beriladi;
  • kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;
  • har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. Xususan:

  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga davlat byudjeti hisobidan 1 yilda 1 marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga 1 yilda 1 marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma berish;
  • barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdorini 2 barobar kamaytirish.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling