Timur Rahmonov Oʻzbekistonning Estoniyadagi (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Elchi 16-aprel kuni ushbu davlat prezidenti Alar Karisga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Rasmiy tadbirdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Estoniya Prezidenti Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini yuksak baholadi va ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shuningdek, Estoniya yetakchisi Oʻzbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatga aylanganini alohida taʼkidladi. Xususan, u Oʻzbekiston yetakchisining mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, jumladan, koʻp yillar davomida mojarolarga sabab boʻlib kelgan chegara masalalarini ijobiy hal etishdagi katta hissasini alohida urgʻuladi.
Prezident Alar Karis davlat rahbari rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni eston tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi.
Timur Rahmonov 2024-yil 13-mart kuni Oʻzbekiston elchisi sifatida Riga shahriga borgan edi. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021-2024-yillarda Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli boʻlib ishlagan.
Timur Rahmonov 2024-yil 17-iyun kuni Oʻzbekiston elchisi sifatida Latviya prezidenti Edgars Rinkevichsga, 2025-yil 11-fevral kuni Litvadagi elchi sifatida ushbu davlat prezidenti Gitanas Nausedaga, 1-aprel kuni esa Finlyandiyadagi elchi sifatida mazkur mamlakat prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.