Qidiruvda bo‘lgan xalqaro terroristik tashkilot aʼzosi O‘zbekistonga olib kelindi

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan xalqaro terroristik tashkilot aʼzosi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, “hijrat” va “jihod” qilishni maqsad qilgan ushbu shaxs 1999-yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan. U Afg‘oniston, Pokiston va Suriya hududlaridagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

O‘zganing nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan mazkur shaxs MDHga aʼzo davlatlardan birida qo‘lga olindi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 154- (yollanish), 155- (terrorizm), 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling