Xorazmda 29 gektar yerni fuqaroga 49 yilga ijara asosida olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yangiariq tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limining masʼul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Xorazm viloyati Yangiariq tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limining masʼul xodimi tuman hududida joylashgan va “Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligi” davlat muassasasi balansida bo‘lgan 29 gektar yerni chorvachilik yo‘nalishida 49 yil muddatga ijara asosida foydalanish uchun olib berish va mansabdor tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga fuqarodan 4000 dollar talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 3900 dollar va 1 mln 297 ming so‘m pulni olgan vaqtida ushlandi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling