Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bundan buyon issiqxonalar, toifasidan qatʼi nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari stavkasida to‘lashi belgilandi. 2028-yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.
Soliq qo‘mitasiga butun tizimi, tahliliy va aql markazlarini safarbar etib, issiqxonalardan qisqartirilgan gaz qaysi sohalarga yo‘naltirilgani va ularning samaradorligini o‘rganish, agar gaz berilgan boshqa sohalarda qo‘shilgan qiymat kam bo‘lsa, gazni issiqxonalarga yo‘naltirish topshirildi.
Ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy taʼsiri bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil hal qilish vazifasi qo‘yildi.
“Barcha eshitib olsin: issiqxonalar bu – oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasi hisoblanadi”, - dedi prezident.
Tegishli idoralarga sohada qatʼiy nazorat o‘rnatish topshirildi.