Uchta hududda qariyb 195 ming qalbaki dollarning muomalaga kiritilishining oldi olindi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Toshkent viloyatida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1998 y.t. sherigi ijtimoiy tarmoqlar orqali Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirgan. Unga soxta 100 dollar kupyurali jami 50 ming dollarni 65 mln so‘mga sotishga kelishgan.

Shundan so‘ng ular Jizzaxga borib, xaridor bilan telefon orqali muloqot qilib, unga qalbaki pullarni shahar hududidagi xufiya joyga qoldirib ketishlarini aytib, kelishilgan summadan 39 mln 200 ming so‘mni oldindan plastik karta orqali olgan.

Ammo, ular qalbaki valyutalarni belgilangan joyga qoldirmasdan, xaridorni aldab, Toshkent shahriga qaytib ketayotgan vaqtlarida Do‘stlik tumanida ushlandi. Ular ketayotgan avtomashina salonidan qalbaki 51 ming dollar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida yashovchi, 1949 va 1984 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1981 y.t. fuqaro o‘zaro til biriktirib, chet davlatda tayyorlangan, har biri 100 kupyurali qalbaki 50 ming dollarni haqiqiy 25 ming dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shu bilan birga, Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida yashovchi, 1997 y.t. shaxs xorijdan keltirilgan 50 va 100 dollar kupyurali qalbaki 45 ming dollarni xaridorga haqiqiy 25 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1983 y.t. shaxs va Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi, 1994 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro qalbaki 10 ming dollarni xaridorga haqiqiy 8 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi, 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning ko‘rsatmasi bo‘yicha – uning 1995 va 2001 yillarda tug‘ilgan 2 nafar sherigi qalbaki 30 ming dollarni xaridorga haqiqiy 19,5 ming dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1991 y.t. fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 88 dona 50 dollar kupyurali va 44 dona 100 dolllar kupyurali, jami qalbaki 8800 dollar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling