Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentyabr kuni Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyatida “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilindi.
Prezident tomonidan mazkur loyihalarni bekam-ko‘st amalga oshirishga ko‘maklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda.
Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor.
Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.
Prezident loyihalar bilan atroflicha tanishib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
"Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik isteʼmol va xizmatlar bozorini, yaʼni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashdi. Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlar “Toshkent invest” kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytildi.
Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash vazifasi belgilandi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin bo‘ladi.
Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bog‘dorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish mo‘ljallanmoqda. Bu mahallalarga “Agrostar” kompaniyasini bog‘lab, urug‘, ko‘chat va kafolatli xarid bo‘yicha odamlarga yordamlashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Toshkent viloyati yer va suvga juda boy. Bundan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish bilan birga ularni qayta ishlab, eksportini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.