Toshkent viloyatida pora olayotgan 2 nafar ichki ishlar xodimi ushlandi

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX Call-markaziga murojaat qilgan Toshkent viloyatida yashovchi fuqarodan, viloyat ichki ishlar xodimining o‘z xizmat vakolatini suiisteʼmol qilgan holda korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani xususida maʼlumotlar olindi.

Murojaatga ko‘ra, IIB xodimi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovda bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming dollar talab qilgan. 16-may kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, IIB xodimi fuqaro “A.B.”dan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, 17-may kuni o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani ichki ishlar xodimi tegishli moddalar bilan ayblanib, 8 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari imkoniyati orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni vaʼda qilib, mahkumni tanishi “N.N.”dan 24 ming dollar miqdorida pora olayotgan vaqtida ushlandi.

Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i nusxasi topildi.

Ushbu xodim 2014-yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022-yildan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Aprel oyida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Ishga tiklanganligiga 2 oy bo‘lmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan.

Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling