Toshkent shahrida aholi va tadbirkorlar tomonidan elektr taʼminotidagi 3–4 soatlik uzilishlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bildirilmoqda. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu uzilishlar nafaqat fuqarolarning kundalik turmush tarziga, balki tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Xususan, svetoforlar faoliyatidagi uzilishlar transport harakatini tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda, bu esa yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solmoqda.
Shuningdek, ishlab chiqarish va savdo obyektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqishi natijasida yirik moliyaviy zararlar yuzaga kelayotgani, xonadonlarda esa maishiy texnika vositalarining ishdan chiqishi holatlari aniqlanmoqda.
Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan tegishli tushuntirishlar berish maqsadida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov nomiga senator so‘rovi yuborildi.