Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Endilikda yirik sayyohlik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxonalardan turistik yig‘im undirilmaydi

Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti o‘tkazilmoqda.

Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi.  Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.

Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. 

Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi. 

Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lab berishga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yig‘imni to‘lamaydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling