Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi

Universitetda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi

Prezidentning “Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi. Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi, jumladan:

muhandislik, qurilish, logistika, axborot texnologiyalari va dasturlash, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati hamda iqtisodiy va ijtimoiy soha uchun xalqaro standartlarga muvofiq oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash;

oʻquv dasturlarini xorijiy, shu jumladan, Turkiyaning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda, shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy-tadqiqotlar olib borish.

Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini Oʻzbekistonning taʼlim sohasidagi qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiradi.

2025/2026 oʻquv yilidan Universitetda taʼlim jarayoni taʼlim sohasida xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kirgan, shuningdek, oʻz yoʻnalishida yetakchi hisoblangan Turkiya Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv dasturlari asosida tashkil etiladi.

Universitetda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda qabul parametrlari va toʻlov-kontrakt miqdori Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyish va muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashi tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling