Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Suhbat avvalida vazir Rashid Meredov davlat rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, mamlakat Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Toshkent shahrida Gurbanguli Berdimuhamedovning “Hakyda göwheri” (“Tafakkur gavhari”) nomli yangi kitobining oʻzbek tilidagi nashri taqdimoti oʻtkazilgani uchun Turkmaniston rahbariyati nomidan Oʻzbekiston yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etildi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning yangi keng qamrovli kun tartibini shakllantirish, boʻlajak oliy darajadagi tashriflar, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi sammitlarga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling