Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi. Tafsilotlar

Turkmanistonning BMT bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni Ashxobodda Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Turkmanistonning BMT bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Davlat rahbari Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligini taʼkidladi. Buning tasdig‘i sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.

Bundan tashqari, mamlakatning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida O‘zbekiston tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan.

Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.

Prezident global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini taʼkidladi. Aynan shu sababli ham O‘zbekiston Turkmanistonning 2025-yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘ldi.

O‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etildi.

"O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu nuqtayi nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanishiga alohida urg‘u berildi.

Davlat rahbari Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu g‘oyalar mujassam bo‘lgan bu takliflari Ashxobodning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirdi.

Mamlakat yetakchisi o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini taʼkidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini taʼkidladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling