Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi

Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi

Prezident tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.

Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular — taʼlim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir.

Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling