Prokuror, sudya katta yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.
Maʼlum qilinishicha, Surxondaryo viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori Denov tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi yurituvidagi 1999 y.t. fuqaroga nisbatan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa ham, jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik to‘g‘risida mazkur tuman IIBga ko‘rsatma berishini aytgan.
U buning evaziga 2000 dollar talab qiladi.
5 sentyabr kuni u so‘ralgan pul mablag‘idan 5 mln so‘mni o‘zining nomidagi plastik kartaga o‘tkazdirib oladi.
Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u talab qilingan puldan 1300 dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati sudyasining katta yordamchisi Andijon shahrida yashovchi, 1992 y.t. ayolning nomidan Andijon tumanlararo FIB sudiga daʼvo arizasi kiritib, ayolning sobiq turmush o‘rtog‘iga tegishli mol-mulklarning bir qismini uning foydasiga hal qilish haqida qaror chiqartirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 500 dollar talab qiladi.
Sudya katta yordamchisi hozirga qadar so‘ralgan pul mablag‘idan 200 dollar oladi.
Andijon shahrida o‘tkazilan tezkor tadbirda u qolgan 300 dollarga teng hisoblab, 3 mln 800 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Jizzax shahrida mahalliy advokatlik hayʼati advokati Mirzacho‘l tumanida yashovchi, 1981 y.t. fuqaro bilan o‘zaro til biriktirgan.
Ular Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berish evaziga 6 ming dollar talab qilishadi.
Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.