Haj va Umra ziyoratlariga yuborish bilan aldab mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda firibgarlik yo‘li bilan talab qilingan pullarni olayotgan gumonlanuvchilar ushlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Andijon viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda firibgarlik yo‘li bilan talab qilingan pullarni olayotgan gumonlanuvchilar ushlangan bo‘lsa, Yakkasaroy tumani faoliyat yuritgan turistik tashkilotdan 101 nafar fuqarolar jabrlanganligi aniqlandi.
Andijon viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1986-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. U tur firma orqali 2025-yilgi “Haj” ziyoratiga fuqarolarni yuborish bo‘yicha, har bir ziyoratchi uchun 5 ming dollardan narx belgilagan.
Unga murojaat qilgan mijozning 3 nafar qarindoshlarini hajga yuborish uchun jami 15 ming dollar qilib berishini aytib, aldab kelishilgan pullardan jami 6 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahrida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan ayol arizachi va uning 2 nafar tanishlarini Haj va Umra ziyoratiga olib borish evaziga har bir fuqaro uchun 4850 dollardan talab qilgan. U Sergeli tumanida kimyoviy ishlov berilgan 14 550 dollarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.
Ichki ishlar vaziri nomiga ariza bilan murojaat qilgan fuqaro Yakkasaroy tumani, faoliyat yurituvchi “KAVSAR TRAVEL” MCHJ direktori Umra ziyoratiga yuborgan fuqarolarning Madina shahridagi mehmonxonaga to‘lashi uchun 850 AQSH dollarini unga to‘latishga erishib, shu kunga qadar pullarni qaytarmaganligini maʼlum qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Bundan tashqari, xuddi shu MCHJ direktori Umra ziyoratiga borish uchun 70 nafar fuqarolarning umumiy qiymati 42 625 dollarga teng bo‘lgan aviachiptalarni olib ketib, pullarini shu kunga qadar bermasdan kelgan.
Holat yuzasidan jinoyat kodeksining 168 moddasi 4 qismi “a” “b”, bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib ayni vaqtda mazkur MCHJdan zarar ko‘rgan fuqarolarning soni 101 nafar ekanligi aniqlangan.
Jamiyat direktori qamoqqa olinib ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.