Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Saudiya Arabistonida mushkul ahvolda qolgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi

Barcha fuqarolar vaqtincha Makka shahridagi mehmonxonaga joylashtirildi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Saudiya Arabistoniga Umra amallarini bajarish uchun borgan va mushkul ahvolda qolgan fuqarolar vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi D.I. ariza bilan murojaat qilib, sayyohlik firmalaridan biri tomonidan Umra amallarini bajarish uchun kelgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkada vatanga qaytish uchun aviachiptalarsiz qolib ketgani bois, ularni O‘zbekistonga qaytarib yuborish masalasida amaliy yordam so‘ragan.

Taʼkidlanishicha, taqdim etilgan aviachiptaga binoan, ziyoratchilar 15-centyabr kuni Umra ibodatlarini yakunlab, vatanga qaytishlari kerak bo‘lgan.

Biroq, sayyohlik firmasi tomonidan ziyoratchilarning ortga qaytib ketmaslik sababi tushuntirilmagan, faqat yaqin kunlarda O‘zbekistonga qaytib ketishlari mumkinligi aytilgan. Ziyoratchilarning aksariyati yoshi keksalar va ayollar bo‘lgani tufayli ular vahimaga tushib qolgan.

Bosh konsulxona vakillari sayyohlik kompaniyasi masʼul xodimi bilan bog‘lanib, ziyoratchilarni xavfsiz va tez fursatlarda O‘zbekistonga qaytarish masalasini muhokama qildi.

Firma vakillariga ko‘ra, aviachiptalarga masʼul hamkorlar bilan yuzaga kelgan baʼzi muammolar bois, ziyoratchilarga oldindan rejalashtirilgan yo‘nalishga aviachiptalarni o‘z vaqtida sotib olishning imkoni bo‘lmagan.

Vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olindi va firmaga ziyoratchilarni mehmonxona bilan taʼminlash hamda aviachiptalar xarid qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Barcha fuqarolar vaqtincha Makka shahridagi mehmonxonaga joylashtirildi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida sayyohlik firmasi tomonidan ziyoratchilar uchun aviachiptalar xarid qilindi. 

Ziyoratchilar 17-sentyabr kuni Madina – Toshkent yo‘nalishidagi samolyoti bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling