Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Ta‘lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu muhim sessiya doirasida ta‘lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan 150 dan ortiq turli shakldagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda 200 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar, jumladan, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini, UNESCO Bosh direktori Odri Azule va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etadi.
UNESCO Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasasi bo‘lib, 1945-yilda ta‘lim, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.