Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda “Yangi Oʻzbekiston” massivlaridagi ishlarning borishi qoniqarsiz ekani qayd etildi. Qoraqalpogʻiston, Jizzax va Sirdaryoda esa infratuzilma va quruvchilar bilan ishlash oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Xorazmda 98 ta, Buxoroda 65 ta, Jizzaxda 19 ta, Navoiyda 12 ta auksionda sotib olingan yerda qurilish boshlanmagan.
Baʼzi xonadonlar aholi va infratuzilmadan uzoq, talab boʻlmagan joyda qurilgani uchun bir yildan beri sotilmayapti. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlandi.
Endi “Yangi Oʻzbekiston” massiviga berilgan yer boʻyicha loyihalashni 2 oydan, qurilishni boshlashni 3 oydan oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu talab buzilsa, yer qaytarib olinib, qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ekspertizasini oʻn besh kundan oʻtkazib yuborgan tashkilotlarning litsenziyasi toʻxtatib qoʻyiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” massivi uchun berilgan yerlarning 10 foizi developerlarga tijorat binolarini qurishi uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Bu uylarni pastki qavatida xususiy bogʻcha tashkil qilishga ruxsat berilishi, ular mulk soligʻidan ham ozod qilinishi taʼkidlandi.
Mamlakatda 2030-yilgacha kamida 100 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivini qurish reja qilingan. Yangi massivlar uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.
Mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul oʻtkazib kelayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizim yaratish topshirildi.
Qurilishga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida bundan buyon koʻp qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS toʻlovchi yuridik shaxslarga sotilishi belgilandi.
Renovatsiya asosida bu yil 20 ming xonadon qurilishini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling