Toshkentda aprel oyida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi tushdi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi tahlil qilindi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi tahlil qilindi.

Yer resurslarining cheklanganligi va aholi sonining oshib borishi sharoitida ko‘chmas mulkga investitsiya kiritish mulkka egalik qilish bilan birga, barqaror daromad olish imkonini beradi. Bunda, ko‘chmas mulkni ijaraga berish hamda mulk qiymatining ma‘lum vaqtdan keyin oshishi (kapital o‘sish) hisobiga daromad olish mumkin.

2025-yil aprelida Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi 6,2%gacha tushdi (2024-yil aprelda - 27,8%). Bunda, mazkur davrda ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 10,9%dan 8,5%gacha kamaygan bo‘lsa, uy-joylarning o‘rtacha narxi 2,4% arzonladi.

Lekin, uy-joyga investitsiyalar daromadliligi ko‘chmas mulkning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab bir-biridan sezilarli farqlanadi:

  • 1 xonali: Shayxontohur – 25,1 % (2024-yil aprel – 41,4 %), Mirobod – 0,4 % (24,7 %);
  • 2 xonali: Yakkasaroy – 16,2 % (12,1 %), Uchtepa – -2,0 % (27,1 %);
  • 3 xonali: Yakkasaroy – 16,8 % (27,0 %), Uchtepa – 1,6 % (23,6 %);
  • 4 xonali: Yakkasaroy – 15,6 % (25,2 %), Olmazor – -2,5 % (21,3 %).

Uy-joylar narxi o‘zgarishidan olinadigan daromad

2024-yilning aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy xarid qilib, joriy yil aprel oyida ushbu uyni sotishga to‘g‘ri kelgan investorlar bir yil ichida uy-joylar bozor qiymatining pasayishi sababli uyni xarid narxidan o‘rtacha 2,4% kamiga realizatsiya qilishga majbur bo‘lishdi.

Xususan, ushbu ko‘rsatkich Uchtepa tumanida 7,4%ni, Yunusobod tumanida 4,4%ni, Olmazor tumanida 4,2%ni tashkil qildi. Lekin, Toshkent shahrida nisbatan qimmat uy-joylar joylashgan tumanlardan Shayxontohur va Yakkasaroyda uy-joy narxi o‘zgarishidan ko‘rilgan foyda o‘rtacha 6% ni tashkil etdi.

Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad

Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida uy-joylar ijarasidan olinadigan o‘rtacha daromad pasayishda davom etdi. 2024-yilning aprel oyida o‘rtacha daromadlilik 10,9%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning aprel oyiga kelib ushbu ko‘rsatkich 8,1%gacha pasaydi. Mazkur davrda, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha daromadlilik Mirobodda 9,2% (2024-yil aprel oyida – 11,2%) va Shayxontohurda 8,9% (12,6 %) qayd etildi.

Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqoriroq bo‘lgan 1 va 2 xonali xonadonlar uchun daromadlilik darajasi mos ravishda 8,5% va 6,3%gacha tushdi. Joriy yil yanvar oyida ushbu ko‘rsatkichlar 14,3% va 7,5%ni tashkil etib, 2024-yilning aprel oyiga (mos ravishda 30,2% va 25,5%) nisbatan sezilarli darajada kamaygan edi. Shuningdek, joriy yil aprel oyida 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi 6,7% va 3,3%gacha kamaydi (2024-yil aprelda – 24,9% va 30,6%).

Bank depozitlari daromadlilik darajasi

2024-yil aprelidan 2025-yilning aprel oyigacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 5,1% atrofida tebranib turgan bo‘lsa, milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 22 %ni tashkil etgan.

Ushbu raqamlar, bir tomondan, uy-joyning investitsiyaviy daromadliligi jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlaridan olinadigan o‘rtacha daromadlilikka yaqinlashayotganidan dalolat bersa, boshqa tomondan, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari jozibadorligi oshib borayotganini ko‘rsatadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling