O‘zbekiston va Bolgariya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralarda nimalar muhokama qilindi?

Sofiya shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdoni, eng avvalo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali ko‘paytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Samarali yerusti va havo transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, tomonlar ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Gumanitar aloqalarni, shu jumladan akademik va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish, joriy yilda Andijon shahrida yetakchi OTMlar rektorlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etishga kelishib olindi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni taʼminlash maqsadida tomonlar qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini oshirish, uning ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashildi.

Uchrashuv yakunida prezident Rumen Radev Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling