17-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yetakchilar "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" strategik temir yo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligini ham qayd etdi.
Taʼlim, fan, turizm va madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va sanʼat haftaliklarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, SHHT, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Yakunda yetakchilar huzurida O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risida bayonnoma imzolangani eʼlon qilindi.