Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yana-da rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.
Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekiston–Iordaniya biznes forumining o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Madaniy, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yana-da faollashtirishga tayyorlik bildirildi.
O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu nuqtai nazardan, umumiy maʼnaviy merosni birgalikda o‘rganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar bag‘rikeng va maʼrifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldi. O‘zbekiston yetakchisi podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10 yil oldin boshlangan "Aqaba jarayoni" tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.
Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston prezidentini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.