Shavkat Mirziyoyev Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Davlat rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Vengriya tomonidan “OTP Bank”, “BDPST Group”, “4iG”, “Indotek”, “MVM”, “Duna Group”, “MOL Group”, “H2O Consortium”, “Inpark”, “Wizz Air” va boshqa ko‘plab kompaniyalarning top-menejerlari va taʼsischilari ishtirok etdi.

Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlat rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi. O‘z navbatida, biznes vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va rejalarini bildirdi.

Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

So‘zining yakunida davlat rahbari bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishni taklif etdi.

"Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz", - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Tadbir yakunida davlat rahbari huzurida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘ldi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling