DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Xususan, Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro boshqaruvidagi Cobalt Tojikistondan Beshariqda joylashgan “Rovot” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida to‘xtatildi.
Avtomashina yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balloni ichiga 53 dona o‘ramda giyohvandlik vositalari yashirilganligi maʼlum bo‘ldi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda 50 kg 852 gr “opiy” va 6 kg 927 gr “gashish” moddalari borligi aniqlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida avtotransport egasi ularni Dushanbedan olib kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro boshqaruvidagi Gentra Samarqand-Navoiy yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida Narpay tumanida to‘xtatildi.
Avtotransport vositasi yukxonasida Tojikistondan olib kelingan 981 gr “geroin” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Shu bilan birga, Andijon – Namangan yo‘nalishida harakatlanayotgan VAZ 2106 Norin tumanida to‘xtatilib tekshirildi.
Natijada, Andijon shahrida yashovchi, 1979 va 1986-y.t. aka-uka ketayotgan avtomashina salonidan 1 kg 833 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan birining yashash manzilidan ham 1 kg 469 gr “gashish” moddasi olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ularni sotib, daromad topish maqsadida Tojikistondan olib kelinganligi maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonning O‘sh shahrida yashovchi, 1985-y.t. fuqaro 3 kg 949 gr “gashish” moddasini Andijonda “shartli” xaridorga 28 ming dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Qirg‘izistonlik fuqaro ushbu moddani muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan qoldirib ketilgan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joydan olgan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.