Fargʻonada bank mansabdor shaxslari 104 mln soʻmni oʻzlashtirib yuborgani aniqlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

"Xalq banki" Qoʻqon universal bank xizmatlari markazi mansabdor shaxslari va boshqalar oldindan til biriktirib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, markazning mansabdor shaxslari hamda boshqalar oldindan til biriktirib, bank dasturiy taʼminoti "IABS"dagi markazning ikki nafar xodimiga biriktirilgan login va parol orqali 68 nafar fuqarolarning xabarisiz va ishtirokisiz ularning nomiga bank kartalarini ochgan.

Bank kartalarida harakatsiz turgan 104 mln soʻm moddiy yordam va nafaqa pullarini bankomatlar orqali naqdlashtirilib, oʻzlashtirib yuborilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi "g" bandi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling