Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatiladi

Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

“Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qoldi”, - dedi davlat rahbari.

Misol uchun, o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan. Murojaatlar hal bo‘lmagani uchun, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan. Ijtimoiy tarmoqlardagi eng ko‘p murojaatlar huquq-tartibot idoralari va sud, hokimliklar, taʼlim, ekologiya sohalariga to‘g‘ri keladi. Mingga yaqin murojaatlarda prezidentning shaxsiy qabuli so‘ralgan.  

“Ayniqsa, Toshkent shahri va Buxoroda mansabdor shaxslar ustidan shikoyatlar ko‘payganini hokimlar qachon tahlil qilgan? Vazirlar va hokimlar murojaatlarga yechim bermasa, odamlar dodini kimga aytsin? Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak!” - dedi prezident.

Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi.

Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi.

“Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan shu yerning o‘zida hal qiladi”, - dedi prezident.

Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi. Masalalarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurs ham beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling