O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi

Buxoro viloyatida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

Prezident farmoni bilan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.

Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi. Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari yo‘nalishlarida mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga masʼul muassasa hisoblanadi.

Farmonga ko‘ra, Buxoro viloyatida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish ushbu markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. U islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.

Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi. Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.

Kengash quyidagi tashkilotlarning taʼlim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi:

  • O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
  • Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
  • Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
  • O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi;
  • boshqa diniy-maʼrifiy muassasalar.

Shuningdek, Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash faoliyati takomillashtirilib, uning tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislar kuzatuvchi sifatida kiritiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling