Vazirlik va hokimliklar mebel va ofis jihozlari xarajatlarini qisqartiradi

Hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xizmat avtomobillari kelishgan holda xarid qilinadi

Prezidentning «Davlat byudjetining 2025-yil ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, birinchi darajali budjet mablag‘lari taqchimlovchilari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar 2025-yilda budjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromad manbayi mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.

Yil oxirigacha quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritish taqiqlandi:

  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorlarini oshirish (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno);
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vlositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida foydalaniladiganlardan tashqari) xarid qilish.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari faqatgina Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda xarid qilinadi.

Budjet tashkilotlarining 2025-yil uchun xarajatlar smetasini tuzish jarayonida mebel va ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024-yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (bog‘chalar, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtirish topshirig‘i berildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling