Toshkentdagi VI – XV asrlarga oid “Xonobodtepa” arxeologiya yodgorligi hududi orqali ixtisoslashgan korxona tomonidan 257 metr uzunlikdagi kanalizatsiya quvuri o‘tkazilib, yodgorlikning 961 m3 qismiga 27 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Bundan tashqari, ushbu korxona tomonidan yodgorlikning yana 160 m3 qismi ekskavator yordamida kavlanib, 4,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi taʼminlanib, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Maʼlumot uchun, mazkur jinoiy qilmish qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.