Toshkent shahar Adliya boshqarmasida oddiy aloqa operatori lavozimida ishlab kelgan shaxs Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni o‘zining mansabdor yaqin tanishlari orqali ichki ishlar organlariga mo‘may pul evaziga oson ishga kiritib qo‘yishni vaʼda qiladi.
U lavozimlarning mavqei va mansabiga qarab narx belgilab, oddiy askarlar tarkibidagi lavozimlarga kiritib qo‘yish uchun 1500 dollar, ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga ishga qabul qilish uchun esa 2000 dollar talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda adliya xodimi vositachi orqali 1900 dollar va 1 mln 295 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida Milliy Gvardiyaning Qo‘riqlash boshqarmasi Qarshi shahar bo‘limi xodimi Koson tumanida yashovchi fuqaroni o‘zining mansabdor tanishlari orqali viloyat IIBga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2000 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.