O‘zbek milliy taomlarini xorijda tanitayotgan restoratorlar qo‘llab-quvvatlanadi

Xorazmda yangi qurilgan mehmonxonalarni subsidiyalash davom ettirilishi belgilandi

Prezident raisligida Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda viloyatda gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham katta salohiyat borligi taʼkidlandi.

“Arda Xiva” majmuasiga viloyatlardan bittadan restorator olib kelish, Xiva shahrining Mevaston va Gazchi mahallalarida bir necha restoranlardan iborat 2 ta zamonaviy “fud-kort” tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbek milliy taomlarini xorijda tanitayotgan restoratorlar qo‘llab-quvvatlanadi. Mutasaddilarga xorijda o‘zbek restoranlarini tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi. Shu munosabat bilan Mevaston mahallasida 6 gektar yerda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi. Har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard so‘m ajratib boriladi.

Viloyatda birorta xalqaro brendli mehmonxona yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Xorazmda yangi qurilgan mehmonxonalarni subsidiyalash davom ettirilishi belgilandi. Buning hisobiga yil yakunigacha 2,5 ming o‘rinli 40 ta mehmonxonani ishga tushirish, shundan kamida 2 tasi brend mehmonxona bo‘lishi shartligi qayd etildi.

Sayyohlar issiq kunlarda viloyatda suzish havzalari yetishmasligini aytishadi. Shu bois mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar hududida basseyn qurish xarajatining bir qismi ham qoplab beriladi. Xorazmda xitoy, arab, yapon, ispan tilini biladigan gid, ofitsiant, savdo va servis xodimlariga ham talab oshmoqda. Gid-ekskursavodlar asosan ingliz, rus va fransuz tillarida xizmat ko‘rsatadi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning etikasi bo‘yicha ham savollar ko‘pligi qayd etildi.

Shuning uchun Xiva turizm texnikumida yiliga 100 nafar gid, yana shuncha servis xodimini kamida 5 ta talab yuqori tilga o‘qitish zarurligi taʼkidlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling