O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi uchrashuvga tayyorgarlik doirasida xorijiy hamkorlarning 40 dan ortiq tashabbuslari saralab olindi. Xususan, investorlar tomonidan soliq qonunchiligi barqarorligini taʼminlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar sonini ko‘paytirish, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
2025-yilda yo‘l qurilishi, transport, energetika, suv taʼminoti, irrigatsiya va boshqa sohalarda qariyb 4,5 mlrd dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshlangan. Moliyaviy hisobotning, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Kelib tushgan takliflar asosida garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlar tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq maʼmurchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Kengash Kotibiyatining mustaqilligini oshirish va uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklif etildi.