Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Sirdaryoda hokim o‘rinbosari, Navoiyda hokim yordamchisi ushlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til biriktiradi

Ular tasarrufida 452 gektar yer bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikni kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganligini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki DXX tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbaridan iyunda 10 ming dollar oladi.

Keyinroq esa hokimi o‘rinbosari yerni davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming dollar talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokim o‘rinbosari so‘ralgan puldan 10 ming dollarni mutaxassis orqali olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi MFYlardan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga masʼul bo‘lgan hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u o‘zganing ishonchiga kirib, 2024-yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan M-37 avtomobil yo‘li yoqasidagi 12 kv metr yerni uni nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan.

Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling