Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida IIB xodimlari pora olayotgan vaqtida ushlandi, deb xabar berdi DXX.
Oktyabr oyida tumanda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘irlab ketilganligi holati bo‘yicha IIBga murojaat kelib tushadi.
Shundan so‘ng, IIB Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi 2 nafar katta tezkor xodimi o‘g‘irlikda gumon qilib 4 nafar fuqaroni majburiy tarzda IIBga olib ketadi.
Ularni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni “bosdi-bosdi” qilish uchun 55 mln so‘m talab qiladi.
Keyinroq tezkor xodimlar zararni qoplash uchun deya gumonlanuvchi shaxslardan 24 mln so‘m oladi.
Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llamaslik hamda to‘plangan hujjatlarni maʼmuriy javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatga to‘g‘rilab, sudga yuborish evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur katta tezkor xodimlar yana 11 mln so‘mni olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.