Prezidentning “Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi. Ekspert kengashining majlislari 1 oyda kamida 2 marta o‘tkaziladi.
Ekspert kengashiga soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqishda quyidagi vakolatlar beriladi:
- soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, bundan jinoyat ishi doirasida yoki sud tartibida ko‘rib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar mustasno;
- murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan xulosa qabul qilish;
- qabul qilingan xulosalarni majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun soliq, bojxona va tegishli davlat organlariga yuborish hamda bu haqda tadbirkorni xabardor qilish.