Repost.uz Samarqandda 8-sinf oʻquvchisi oʻgʻirlab ketilib, zoʻrlangani haqida yozgan edi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 6-oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, 2-oktyabr kuni bir necha shaxs tomonidan zoʻrlanganligi va ularga qonuniy chora kkoʻrishni soʻragan.
Ariza yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qoʻshrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlanib, 30-oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrugʻi bilan prokuratura organlaridan boʻshatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga koʻra, 31-oktyabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va tergovga taalluqliligi boʻyicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlari davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan va 8 nafar shaxs, shu jumladan Qoʻshrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan, 1 nafar gumonlanuvchini ushlash choralari koʻrilmoqda.
Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat oʻrnatilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling