Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “M-25” gaz konidagi 202-sonli quduqda 27-mart kuni kech soat 21:00 larda vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi yuz bergan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qoʻyildi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining brigadasi yetib borgan.
Shuningdek, ishlarni tashkil etish maqsadida Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari ham hodisa joyiga yetib kelgan.
Ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan samarali foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha kuchaytirilgan choralar koʻrilmoqda.
Yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tugʻdirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan toʻliq nazorat ostiga olingan.