Dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq va quruq havo oqimlari kirib kelishi davom etadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Kunduz kunlari termometr ustuni 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 44-45 darajagacha ko‘tariladi.
Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida dam olish kunlari issiq biroz pasayishi kutilmoqda. Yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida harorat kunduzi 35-38 darajani tashkil etadi.
Respublika bo‘yicha ba‘zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida asosan bulutsiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati kechalari 24-27 daraja, kunduz kunlari 40-43 daraja atrofida bo‘ladi.