Ish haftasi oxirida biroz yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

Havo harorati kunduzi 12-13 daraja iliqqacha isiydi.

O‘zbekiston hududi bo‘yicha 1-3-dekabr kunlari quruq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 3-dekabrga kelib kunduzi havo 12-13 daraja iliqqacha isiydi.

4-5-dekabr kunlari respublika hududiga nam va nisbatan sovuq havo kirib kelishi kutilmoqda. Shimoliy hududlardan tashqari, respublika hududi bo‘yicha ba‘zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin.

Havo harorati 6-11 daraja iliqqacha pasayadi. 1-5-dekabrda harorat kechalari 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

Toshkentda 1-3-dekabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 4-5-dekabrda vaqti-vaqti bilan jadalligi asosan biroz bo‘lgan yomg‘ir yog‘adi. 

Harorat kechalari 0-5 daraja iliq bo‘ladi, kunduz kunlari 1-3 dekabrda 13-15 daraja iliqqacha ko‘tariladi, 4-5-dekabrda 8-11 daraja bo‘ladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling